Shveysariya
Shveysariya – Yevropaning qoq markazida joylashgan, eng toza tog‘ havosi va hayratlanarli tabiat manzaralari bilan saxovatli taqdirlangan kichik mamlakat: yarqiragan muzliklar, billurdek sharsharalar, juda toza daryolar, tiniq ko‘llar, go‘zal alp o‘tloqlari va cho‘qqilari osmonu falakka bo‘y cho‘zgan muhtasham tog‘lar.
Bu – hayot darajasi yuqori, ajoyib chang‘i kurortlari va har biri tashrif buyurishga arziydigan nafis kichik shaharchalarga ega shinam mamlakat. Shveysariya o‘zining dunyoga mashhur dabdabali mehmonxonalari va yuqori darajadagi sihatgohlari bilan yil davomida turli mamlakatlardan kelgan sayyohlarni qabul qiladi.
Sayyohlar uchun bu yerda mamlakat hududida o‘z vaqtida yashab o‘tgan ko‘plab qadimiy sivilizatsiyalar izlarini o‘zida saqlagan ko‘plab yodgorliklar to‘plangan. Mamlakat ko‘plab manzarali qasrlari bilan mashhur, ulardan biri Shilon qasridir. Uning joylashuvi g‘ayrioddiy bo‘lgani uchun xuddi suvdan o‘sib chiqqandek tuyuladi. Bu muhtasham qasr bir vaqtning o‘zida ham qal’a, ham qarorgoh vazifasini o‘taydi. Shveysariyada piyoda turizm dam olishning juda ommabop turi hisoblanadi. Piyoda ekskursiyalarni xush ko‘ruvchi sayyohlar uchun ko‘plab piyoda yurish yo‘nalishlari ishlab chiqilgan.
Eng aniq shveysar soatlari, juda mazali pishloq va eng nozik shokoladlar mamlakati bo‘lgan bu hayratlanarli, maftunkor diyor Sizni kutmoqda!
Geografik joylashuvi
Shveysariya – g‘arbda Fransiya, janubda Italiya, sharqda Avstriya va Lixtenshteyn, shimolda Germaniya bilan chegaradosh va dengizga chiqish imkoniga ega bo‘lmagan kichik davlat.
Yura tog‘ tizmasi, Shveysariya platosi ("o‘rta mintaqa") va Alp tog‘lari – mamlakatning uchta asosiy geografik mintaqasidir.
Poytaxti: Bern
Iqlimi
Har bir hudud uchun o‘ziga xos va noyob: g‘arbda mo‘tadil, sharqda va tog‘li hududlarda esa iqlim kontinental xususiyatga ega. Qishda havo harorati kamdan-kam hollarda noldan pastga tushadi. Yozda o‘rtacha harorat +25°C atrofida bo‘ladi. Yog‘ingarchilikning eng ko‘p qismi yozda yog‘adi. Ko‘pincha hatto may-iyun oylarida ham 1500 metrdan balandlikda qorli zarrachalar ko‘rinishidagi yog‘ingarchiliklar kuzatilishi mumkin.