Xorvatiya
Xorvatiya — bu go‘zal va mehmondo‘st xalq, betakror tabiat, birinchi darajali kurortlar, toshloq ko‘rfazlar va ekologik tozalik uchun "Moviy bayroq" bilan taqdirlangan tiniq plyajlar hamda Xorvatiya Adriatikasining billurdek shaffof suvlaridir.
"Bu suvni hatto ichsa ham bo‘ladi", — deydi o‘z mamlakatini jon-dilidan sevuvchi xorvatlar. Albatta, uni ichish tavsiya etilmaydi, lekin u haqiqatan ham g‘oyatda toza. Xorvatiya suvlarining o‘ta shaffofligi sababi — sohillarda loyqa qatlamlarning deyarli yo‘qligidir. Xorvatiya — orollar mamlakati: uning tarkibida 1200 ga yaqin orol va orolchalar bor. Biroq ushbu mingdan ortiq orollarning atigi 50 tasida odamlar istiqomat qiladi. Eng yiriklari — Hvar, Korchula, Brach, Dugi Otok, Pag, Sres va Rab.
Kimsasiz orollarda oshiq-ma’shuqlar va yalang‘och holda hordiq chiqarishni xush ko‘ruvchilar dam olishni yoqtirishadi. Qolaversa, sohil bo‘ylarida ham nudistlar uchun plyajlar mavjud: Xorvatiya Yevropada naturizmning e’tirof etilgan markazidir va bu yerga butun oila bo‘lib kelishadi.
Agar siz Plitvisa ko‘llaridagi cheksiz sharsharalarning shovqinini eshitishni, cho‘kib ketgan kemalarga suzib borishni, o‘rta asr qal’alari va qarorgohlarida sayr qilishni, qadimiy ko‘chalar bo‘ylab kezishni, yelkanli kemalarda sayr qilishni yoki dayving bilan shug‘ullanishni istasangiz, unda Xorvatiyaga xush kelibsiz!
Geografik joylashuvi
Xorvatiya Markaziy Yevropada, Adriatik dengizining shimoli-sharqiy sohilida joylashgan. Shimolda Sloveniya, janubda Chernogoriya, sharqda Vengriya va Serbiya, janubi-sharqda Bosniya va Gersegovina bilan chegaradosh. G‘arbdan Adriatik dengizi bilan o‘ralgan. Mamlakatning umumiy maydoni 56,5 ming kv.km. Xorvatiyaning katta qismini o‘rtacha balandlikdagi tog‘lar egallaydi.
Poytaxti: Zagreb
Iqlimi
Xorvatiya hududida iqlimning ikki turini ajratib ko‘rsatish mumkin: Adriatik dengizi sohilida — O‘rta yer dengizi iqlimi (issiq va quruq yoz, iliq va nam qish), mamlakat ichkarisida esa — mo‘tadil kontinental iqlim (sovuq qish va mo‘tadil iliq yoz).
Adriatika sohili yil davomidagi quyoshli kunlar ko‘pligi sababli Xorvatiyaning eng ko‘p tashrif buyuriladigan qismi hisoblanadi. Xorvatiyaga sayohat qilish uchun eng yaxshi vaqt — maydan oktabrgacha. Eng sovuq davr dekabrdan fevralgacha davom etadi.
Yozda suv harorati +26°C gacha yetadi. Sohil bo‘yi iqlimi yumshoq qish va quruq yoz (5-6 oy davom etadi) bilan ajralib turadi. O‘rtacha harorat: yozda dengiz suvi +25°C, havo esa +30°C. Hatto qishda ham (yanvarda) harorat +10 darajadan pastga tushmaydi. Cho‘milish mavsumi iyun oyining o‘rtalaridan sentabr oyining oxirigacha davom etadi. Eng issiq kurortlar Janubiy Dalmatsiyada joylashgan.